/

Turkiya prezidenti Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerakligini aytdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Kiyevdagi “Qrim platformasi” onlayn-sammiti ishtirokchilariga yo‘naltirilgan videomurojaatida Qrim yarim oroli Ukrainaga qaytarilishi zarurligini ma’lum qildi, deb yozadi Anadolu Agency.

“Xalqaro huquqqa muvofiq, Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerak, u Ukrainaning ajralmas qismidir”, — dedi Turkiya rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ham mintaqaviy, ham global xavfsizlik va barqarorlik uchun hamda Ukraina hududiy yaxlitligini saqlash uchun o‘ta muhimdir.

Erdo‘g‘on Turkiya Qrimning bosib olinishini tan olmasligini eslatdi. U bu qadamni noqonuniy deb hisoblaydi va bu haqda voqealar yuz bergan birinchi kundan boshlab gapirib keladi.

Davlat rahbari Turkiyaning birlamchi vazifalaridan biri sifatida Qrim tatarlari orasidagi vatandoshlari huquq va xavfsizligini himoya qilish ekanini aytdi. U Anqara ushbu masalada Ukraina hukumatini va Qrim tatarlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirdi.

Erdo‘g‘on Ukrainadagi urush mavzusiga to‘xtalar ekan, Turkiya Ukraina hududiy yaxlitligi va suvereniteti asosiga qurilgan adolatli tinchlik tarafdori ekanini ta’kidladi.

Ayni paytda Erdo‘g‘on Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida muzokaralarni tashkillashtirmoqchi.

Avgust boshida Erdo‘g‘on va Putin Sochida muzokaralar o‘tkazgan edi. CNN Turk ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu uchrashuv davomida Rossiya prezidenti Zelenskiy bilan muzokaralar ehtimoli borligiga “ishora qilgan”.

18-avgust kuni Lvovda Ukraina va Turkiya prezidentlari hamda BMT bosh kotibi ishtirokida uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tdi. Uning yakunida Zelenskiy agar Rossiya qo‘shinlari Ukrainani tark etsagina RF bilan muzokaralar amalga oshishi mumkinligini ta’kidladi. O‘z navbatida Erdo‘g‘on uch tomonlama uchrashuv natijalarini Putin bilan muhokama qilishini bildirdi.

Fikr bildirish

Latest from Blog