Turkiya parlamenti 30 mart kuni kechqurun Finlandiyani NATO aʼzoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi protokolni maʼqulladi. Deputatlardan birortasi ham bu hujjatga qarshi ovoz bermadi.
Turkiya Finlandiyaning NATOga aʼzo bo‘lishini qo‘llagan so‘nggi o‘ttizinchi davlat bo‘ldi. Bundan avvalroq Vengriya parlamenti ham Finlandiyaning tashkilotga qo‘shilishini qo‘llagan. Belgilangan tartibga ko‘ra, NATOga aʼzo barcha davlatlar tashkilotga qo‘shilmoqchi bo‘lgan boshqa mamlakatlar yuzasidan o‘z fikrni bildirishi shart.
Finlandiya iyul oyida Litvada o‘tadigan sammit doirasida NATO aʼzoligiga qabul qilinishi kutilmoqda. Ammo NATOga aʼzo bo‘lish istagini bildirgan Shvetsiyaning taqdiri haligacha nomaʼlum bo‘lib qolmoqda. Vengriya va Turkiya Shvetsiyaning NATOga aʼzo bo‘lishi uchun hozircha rozilik bergan emas. Turkiya Shvetsiya Anqara terrorchi deb hisoblaydigan kurd faollarini ekstraditsiya qilmayotganiga norozilik bildirgan.
Finlyandiya va Shvetsiya neytral mamlakat maqomida edi. Biroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani ortidan bu ikki davlat NATOga aʼzo bo‘lish uchun ariza bergan.