Turkiya janubida 6 fevral tongida sodir boʻlgan bir qator zilzilalar oqibatida 76 kishi halok boʻldi va yuzlab odamlar jarohat oldi. Bu haqda Anadolu agentligi oʻzining Twitterʻdagi sahifasida xabar berdi.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligiga koʻra, soat 04:17 da Qahramonmarash viloyatining Pazarjik tumanida 7,4 magnitudali, 04:27 da Gaziantep viloyatidagi Nurdagi tumanida 6,6 magnitudali va 04:36 da shu viloyatning Islahiye viloyatida 6,5 magnitudali zilzila qayd etilgan.
Hodisa oqibatida kamida 76 kishi halok boʻlgani aytilmoqda, biroq qidiruv-qutqaruv ishlari davom etar ekan, bu raqam ortishi mumkin.
The Guardian mahalliy hokimiyatlarning dastlabki maʼlumotlariga tayanib, Malatya viloyatida kamida 23 kishi (420 kishi jarohatlangan), Shanliurfada 17 (30), Diyarbakirda 6 (79) va Usmoniyda 5 kishi halok boʻlganini yozmoqda. Shuningdek, Malatyada 140 ta uy vayron boʻlgan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu mamlakatda eng yuqori darajadagi ogohlantirish eʼlon qilinganini maʼlum qildi. Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻon halok boʻlganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlarga sogʻayib ketishlarini tilagan.
Anadoluʻning yozishicha, terosti silkinishlari Misrdan Gruziyagacha boʻlgan qator boshqa mamlakatlarda ham sezilgan. Sana agentligi keltirgan rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Suriya shimolida ham kamida 42 kishi halok boʻlgan va 200 kishi yaralangan.