AQSh prezidentligiga nomzodlar, respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamala Harris, 5-noyabrdagi saylovga qadar qolgan vaqtni o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash va muhim shtatlardagi saylovchilarni o‘z tomoniga jalb qilish uchun faol foydalanmoqda.
Sobiq prezident Tramp Pensilvaniya shtatidagi Litits shahrida tarafdorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi va u 2020-yilgi saylovda yutqazganidan keyin Oq uydan ketmasligi kerakligini aytdi.
“Rostini aytganda, men ketmasligim kerak edi. Biz juda yaxshi ishlagandik”, — dedi Tramp, 2020-yilgi saylov natijalarini buzishda demokratlarni ayblab.
Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda har bir saylov kabinasida yuzlab huquqshunoslar turadi.
Trampning vitse-prezidentlikka nomzodi, Ogayo shtatidan senator Jey Di Vens, Tramp barcha fuqarolar, qanday ovoz berganidan qat’i nazar, amerikaliklarning farovonlik davrini boshlamoqchi ekanini ta’kidladi.
“Agar ular noto‘g‘ri ovoz berishsa ham, ular baribir bizning hamyurtlarimiz bo‘lib qoladi. Biz ularga eng yaxshi xizmat ko‘rsatishda davom etamiz”, — dedi Vens Pensilvaniya shtatining Delaver okrugida.
Harris esa Michigan shtatida nutq so‘zlab, AQShning G‘azo sektoridagi urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qilayotgan arab millatiga mansub amerikalik saylovchilarni qo‘llab-quvvatlashga intildi.
Harris mitingni shtatning ko‘plab arab-amerikalik hamjamiyatiga murojaat qilib boshladi, G‘azodagi insoniy yo‘qotishlarni tan oldi va (prezident etib saylansa) urushni tugatish uchun barcha choralarni ko‘rishga va’da berdi.
“Prezident sifatida G‘azodagi urushni tugatish, garovdagilarni uylariga qaytarish, Isroil xavfsizligini ta’minlash, falastinlik xalqning o‘z qadr-qimmati, erkinlik, xavfsizlik va o‘z taqdirini belgilash huquqini amalga oshirishini ta’minlash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman”, — deya qo‘shimcha qildi u.