Toshkentlik bojxonachilar Xitoydan kelgan yuk poyezdi vagoniga to‘pponcha yashirilganini aniqladi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara bojxona posti va kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda vagon va konteynerlarni bojxona tekshiruvidan o‘tkazish jarayonida Xitoydan yuk qabul qiluvchi “Ahmad Isroil Tex” MChJ nomiga kelgan mahsulotlar yuklangan konteyner ortilgan vagonning pastki qismida g‘ildirak juftligining o‘rtasiga ustalik bilan yashirilgan sariq rangli polietilen paket borligi aniqlandi, deb xabar beradi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Mazkur polietilen paket guvohlar ishtirokida olinib, ochib ko‘rilganda, uning ichida qurol va uch dona o‘q hamda oldi qismiga burab qotiriladigan temirdan yasalgan qo‘shimcha moslama borligi aniqlandi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

“Agarda ushbu qurolni yashirib olib o‘tish bilan bog‘liq holat bojxona xodimlari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmaganda manfur maqsadlarni ko‘zlagan jinoyatchilar tomonidan turli yovuzliklar sodir etilishi mumkin edi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, bojxona xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 56 dona o‘q-otar qurollari, 643 dona o‘q, 16 685 dona kapsula hamda 3486 dona gilzalarning g‘ayriqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Latest from Blog