Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son qarori bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibiga fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqda Oʻzbekiston Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» telegram kanalida maʼlum qilindi.
Unga koʻra, endilikda Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlish uchun turar joy hujjatlari, uy-joy mulkdorining arizasi, nikoh tuzilganligi yoki bolalar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarning notarial tasdiqlangan nusxalari talab etilmaydi.
Shuningdek, Toshkent shahar va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qoʻyishda quyidagi hujjatlar taqdim etilishi umuman bekor qilindi:
er-xotinning amalda yashagan joyida ularning kamida bir yil birgalikda yashaganligi toʻgʻrisida mahalla yigʻini raisi va profilaktika inspektori tomonidan imzolangan maʼlumotnoma;
Oliy Majlis palatalari, Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek Prezident bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanganlik, tasdiqlanganlik, saylanganlikni tasdiqlaydigan hujjatlarning kadrlar boʻlimi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylanganlikni tasdiqlaydigan hujjatlarning kadrlar boʻlimi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma.
Quyidagi hollarda vaqtinchalik hisobga qoʻyish uchun turar joy ijara shartnomasi yoki turar joydan tekin foydalanish shartnomasi talab etilmaydi:
fuqaro (oila aʼzolari bilan birga) turar joy mulkdorining yoki ushbu turar joyda doimiy yashayotgan shaxsning yaqin qarindoshi boʻlsa, qarindoshligi darajasini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etilganda;
Toshkent shahar va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa hududlaridan xizmat safari, mehnat taʼtili, malakasini oshirish, davolanish munosabati bilan kelgan boʻlsa, tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda.