Toshkentdagi kolbasa sexida eshak go‘shtidan foydalanilgan

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentdagi kolbasa sexida eshak go‘shtidan foydalanganlik holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atib, avvalroq tarqalgan shu haqdagi xabarlarni tasdiqladi.

Foto: sharshara.all.biz

Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar va Xorazm viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xorazm viloyatidan Toshkent shahriga 69,6 kg eshak go‘shti poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan «GOLD PREMIUM PRODUCT» MCHJga qarashli «Sharshara» nomli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga o‘tkazish uchun olib kelinganligi aniqlangan.

Shuningdek, ushbu go‘sht sex ishchilari tomonidan boshqa go‘sht mahsulotlariga qo‘shilganligi aniqlanib, sexda mavjud bo‘lgan 275 kg go‘sht mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Tegishli mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan go‘sht mahsulotlari iste’molchilarning sog‘ligi va hayoti xavfsizligi talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishga qaratilgan zarur tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Latest from Blog