Toshkent markazidagi Hamid Olimjon maydoniga o‘tgan asrda o‘rnatilgan Hamid Olimjon haykali Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston milliy bog‘i hududidagi Adiblar xiyoboniga ko‘chdi. Bu haqda Facebook’dagi “Tashkent is under construction” guruhida fotoxabar qoldirilgan.
Foydalanuvchilardan biri bu voqeaga: “Zulfiya Hamid Olimjonni kutib qolgan edi”, — deya munosabat bildirgan.
Xabar berishlaricha, bundan avvalroq shoira Zulfiyaning haykali, ikki hafta avval esa adib G‘afur G‘ulomning haykali dastlabki o‘rnatilgan joyidan Adiblar xiyoboniga ko‘chirilgan edi.
Milliy bog‘ hududida Adiblar xiyobonini tashkil etish haqidagi qaror O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 18-aprel kuni imzolangan edi.
Qarorga muvofiq, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom va Zulfiya haykallari Adiblar xiyoboniga ko‘chirilishi, bundan tashqari Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf sharafiga yangi haykallar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan edi.
Qayd etish joiz, 1991-yili Milliy bog‘ hududida shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning haykali barpo etilgan. Keyinchalik bog‘ning alohida bir qismida O‘zbekiston xalq yozuvchilari Abdulla Qahhor (2007), Oybek (2010), Said Ahmad (2010) va shoira Saida Zunnunova (2013) haykallari ketma-ket o‘rnatilgan.