Toshkent shahridagi tuman mavze, dahalar hududida shaharsozlik qoidalari va sanitar me’yorlari talablariga javob bermaydigan va yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan ochiq turdagi hamda temir beton garajlarni buzilishi hisobiga ularning o‘rnida zamonaviy shaharsozlik norma va qoidalariga mos ravishda 2, 3 va 6 qavatli hamda kichik ochiq turdagi avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilgan.
Bunda dastlabki loyiha hujjatlariga asosan, rejalashtirilayotgan 2 qavatli avtoturargohda 80 ta sig‘imli, 3 qavatli avtoturargohda 144 ta sig‘imli hamda 6 qavatli avtoturargohlarda 480 va 532 ta sig‘imli yengil avtomototransport vositalari joylashtirilishi belgilangan. Avtoturargohlarning pastki qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashadi.
Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahrining tumanlari hududida avtomototransport vositalarini saqlash joylarini tartibga keltirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent shahar hokimligida tashkil etilgan brifingda ushbu loyiha to‘g‘risida axborot berildi. Qaror loyihasi muhokama uchun www.gov.uz saytiga joylashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda tuman, mavze, dahalar hududida shaharsozlik va sanitar talablariga, yong‘in xavfsizligi talablariga hamda aholi xavfsizligiga javob bermaydigan tartibsiz joylashtirilgan temir beton garajlar 25,63 gektarli er maydonlarini egallagan bo‘lib, 8470 dona avtomobillarni joylashtirish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari yuridik shaxslar tomonidan jami 69,16 gektarli er maydonlari egallangan bo‘lib, sig‘imi 27413 dona avtomobillarni joylashtirish imkoniyatiga ega. Lekin ushbu avtoturargohlarda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga javob bermasdan hamda boshqa maqsadlarda ham foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrining tuman, mavze, dahalar hududida, markaziy shoh ko‘chalari bo‘yida joylashgan to‘yxona hamda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualarining ba’zilarida avtoturargohlar yetarlicha bo‘lmaganligi hamda fuqarolar tomonidan avtomototransport vositalarini yo‘l yoqa qismiga va belgilanmagan joylarda qoldirilishi sababli yo‘l qatnov qismida tirbandliklar vujudga kelib transport vositalarini xarakatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 2014-yil 31-dekabr holatiga avtomototransport vositalari soni 2017-yil 1 mart holatiga ko‘ra 19 foizga ortgan.