Toshkent shahridagi 500 dan ortiq yakka tadbirkorning 8,7 milliard so‘m soliq qarzidan kechiladi. Bunga jismoniy shaxslarga ham bankrotlik institutini qo‘llashga oid qoida yo‘l ochmoqda, deya xabar bermoqda O‘zA.
Iqtisodiyotda shunday tushuncha borki, uni qo‘llash orqali faoliyat yurita olmay korxonaga qayta hayot baxsh etiladi. Bu bankrortlik tamoyili bo‘lib, uning maqsadi – sodda qilib aytganda, botqoqqa botib qolgan korxonani qutqarishdir.
Ma’lum bo‘lishicha, birgina Toshkent shahrida bunday tadbirkorlar soni 500 dan ortiq bo‘lib, ularning zimmasidagi soliq qarzi 8,7 milliard so‘mni tashkil qiladi.
– Tahlillar aslida ayrim qarzlar ba’zan sun’iy ravishda paydo bo‘lib, yig‘ilganini ko‘rsatdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mas’ul xodimi Komil Saidov. – Masalan, yakka tadbirkor ish boshlaydi. Oradan sal vaqt o‘tib, ishi yurishmay qoladi va o‘z-o‘zidan faoliyat yuritmaydi. Lekin tadbirkor bir narsani, ya’ni faoliyat yurita olmayotganidan soliq idorasini xabardor qilishni hayolidan faromush qiladi. Holbuki, tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tdimi, shu kundan unga qat’iy belgilangan soliq hisoblanadi. Tadbirkor faoliyat yuritmayotgani haqida soliq idorasiga xabar bersagina soliq hisoblash to‘xtatilishi mumkin.
Amaliyotda birinchi marta qo‘llanilayotgan bu institut yakka tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratdi. Bu tamoyil orqali ular bo‘yniga qo‘yilgan sun’iy qarzdan oson qutilishi mumkin, deyiladi xabarda.