Ikki nafar firibgar o‘zlarini prokuratura xodimlari deb tanishtirib, poytaxtda istiqomat qiluvchi fuqarodan 9 600 000 so‘m miqdoridagi mol-mulkni olib qo‘yishgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati
2017 yilning 29 may kuni taxminan soat 13:00 larda, ikki nafar noma’lum shaxs, Yashnobod tumani hududida, fuqaro Osipov Konstantin Stanislavovich boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinaga o‘tirib, o‘zlarini prokuratura idoralari xodimlari sifatida tanishtirib, uni jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitib, tovlamachilik yo‘li bilan 9.600.000 so‘mlik mol-mulkini qo‘lga kiritganlar.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘zgadan mulkni berishni talab qilish, jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Firibgarlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Jabrlanuvchining anketa ma’lumotlari o‘zgartirilgan bo‘lib, familiya va ismlarning har qanday o‘xshashligi tasodifiy harakterga ega.