2017-yilning 20-noyabr kuni soat 09:10larda Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga Olmazor tumanida joylashgan kuchaytirilgan nazoratli ruhiy kasalliklar shifoxonasidan uch nafar shaxslarning qochganliklari haqida xabar kelib tushdi, deya xabar qilmoqda boshqarma matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv jarayonida, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan sudning ajrimiga asosan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilganligi aniqlangan.
Mazkur shaxslar:
1) Omonov Sherqul Safarovich, O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismida ko‘rsatib o‘tilgan (o‘g‘irlik) jinoyatini sodir etgan;
2) Rashidov Ma’ruf Maxmudovich, O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismida ko‘rsatib o‘tilgan (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) jinoyatini sodir etgan;
3) Xamraev Axror Tursunbayevich, O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismida ko‘rsatib o‘tilgan (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) jinoyatini sodir etgan.


Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, M.M.Rashidov va A.T.Xamraevlar qo‘lga olindilar.
Sh.S.Omonovni (quyida fotosuratlari ko‘rsatilgan) qayerda ekanligini aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xabarda Toshkent shahar IIBB, Omonov Sherqul Safarovichni ko‘rganlar yoki uning qayerda ekanligini bilganlar «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga xabar berishi so‘ralgan.