Rossiyaning “Byulleten kinoprokatchika” jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayev 37 yoshida vafot etdi. Bu haqda jurnal Telegram kanali xabar berdi.
Jurnalistning hamkasbi va do‘sti Denis Korsakovning aytishicha, Nechayev Toshkent shahridagi kvartiralardan birida o‘lik holda topilgan. U jurnalist bilan oxirgi marta 4-mart kuni bog‘langan.
“Biz cheksiz qayg‘u bilan jurnal bosh muharriri Aleksandr Nechayevning to‘satdan vafot etganini ma’lum qilamiz. Sasha aqlli va mehribon inson, professional va iste’dodli jurnalist edi”, — deyiladi jurnal xabarida.
Denis Korsakovning aytishicha, Nechayev bir necha oy yashash uchun Toshkentga ketgan va aprel oyida Moskvaga qaytishni rejalashtirgan. 6-mart kuni Nechayev aloqaga chiqishning iloji bo‘lmagan, uning do‘stlari toshkentlik tanishlaridan hammasi joyida yoki yo‘qligini tekshirishni so‘ragan.
Ular uy egasi va ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda ijaraga olingan xonadonga kelgan.Shu paytda Aleksandr Nechayev o‘lik holda topilgan. U nima sababdan vafot etgani hozircha aniq emas. Jurnalist yurak xurujidan o‘lgani taxmin qilinmoqda.