Toshkentda qo‘shmachilik bilan shug‘ullanuvchi ayol Qozog‘istonga o‘tishga harakat qilgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lum qildi.
“29-oktabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro Hamrabayeva Dildora Isroilovna bir necha nafar ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanish uchun Turkiyaga yubormoqchi bo‘lganligi aniqlanib, jinoyatchini qo‘lga olish borasida tezkor tadbir o‘tkazilishi rejalashtirildi”, — deyiladi xabarnomada.
Shu kuni soat 17:00 larda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Hamrabayeva Toshkent tumanida joylashgan “Qoplonbek” YPX maskanida fuqarolar U.O. Mo‘minova, N.K. Mansurova, L.I. Tursunova va R.A. Ibrohimovalarni fohisha sifatida ishlatish maqsadida Qozog‘iston orqali Istanbulga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan JKning 135-moddasi 2-qismi “b”, “ye” bandlari (odam savdosi, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ikki yoki undan ortiq shaxslarni ulardan foydalanish maqsadida yollash) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atildi.
Jinoyatning og‘irlilik darajasini inobatga olgan holda, D.I. Hamrabayevaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanmoqda.