Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida 24 dekabr kuni Oʻzbekiston – Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish markazining ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi OʻzA.
O‘zbekistonda Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish instituti markazini tashkil etish bo‘yicha erishilgan bitim O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, bu boradagi ilg‘or xalqaro modellar va standartlarni joriy etishda inson kapitali ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston – Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish markazini moliyalashtirish uchun Hindiston hukumatining 800 ming AQSh dollaridan ziyod mablag‘i yo‘naltirilgan. Ushbu markaz O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishda zamonaviy yondashuvlar hamda ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etishga ko‘maklashadi.
Markaz zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. U yerda mahalliy, shuningdek, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlar kompaniyalari tadbirkorlari uchun tajriba almashish dasturlari va amaliyotlari tashkil etiladi. Raqobatbardosh iqtisodiyotda biznes rahbarlarni tayyorlash uchun konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkaziladi.