Toshkentda noma’lum kishilar Milliy Universitet talabasini kaltakladi. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda

Toshkent shahridagi “Beruniy” metro bekati yaqinida 20-noyabr kuni soat taxminan 09:00 da O‘zbekiston Milliy Universitetining birinchi bosqich talabasi shafqatsiz kaltaklangan. Jabrlanuvchining opasi tomonidan xabar berilishicha, yigit 17-shahar kasalxonasida og‘ir ahvolda yotibdi. Ayni vaqtda tergov ishlari olib borilmoqda, deb yozadi “Repost.uz”.

Foto: “Repost.uz”

Yigitning unversitetga avtobusda borgani ma’lum. Taxmin qilinishicha, bezorilar u bilan birga avtobusda bo‘lgan, shundan so‘ng ular yigitni universitet yaqinida, Talabalar shaharchasi hududida kaltaklagan. Keyin esa ular voqea joyidan yashiringan.

Jabrlanuvchiga birinchi yordam Toshkent tibbiyot akademiyasida ko‘rsatilgan, shundan so‘ng u 17-shahar kasalxonasiga o‘tkazilgan. Xabarga ko‘ra, yigitning miyasi jiddiy chayqalgan, badaniga jarohat yetgan va uchta tishi singan.

Bezorilarning maqsadi noma’lum qolmoqda. Yigitning opasi aytishicha, u og‘ir-bosiq bo‘lgan, yaxshi o‘qigan va atrofdagilar bilan kelishmovchiligi bo‘lmagan. U bezorilarni topishda yordam so‘ramoqda.

Latest from Blog