11-aprel kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, AQShning Kasalliklarni profilaktika va nazorat qilish markazi, Toshkentdagi AQSh elchixonasi va boshqa qator xalqaro tashkilotlar vakillari Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot institutida yig‘ildilar va mikroblarning rezistentligiga qarshi kurash bo‘yicha Milliy markazining rasmiy ochilish tadbirida ishtirok etdilar.
Ushbu markazga AQShning Kasalliklarni profilaktika va nazorat qilish markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot instituti o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida asos solindi. Yangi markaz har ikki hamkorga O‘zbekistonda birinchi marta mikroblarning dorilarga qarshiligining keng tarqalishi bo‘yicha tajribaga asoslanib, ma’lumot olish va bu boradagi sa’y-harakatlarni takomillashtirishga imkon beradi. Bu esa O‘zbekiston aholisi va mintaqadagi boshqa xalqlar turmush sifati va sog‘ligini yaxshilab, mikroblar keltirib chiqaruvchi jiddiy xavflarni kamaytiradi.
Tadbir ishtirokchilari mikroblar rezistentligiga qarshi kurash O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani hamda mamlakatning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Qo‘shma Shtatlar bilan yaqindan hamkorlikda yuqumli kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha olib borayotgan faoliyatini alohida ta’qidlab o‘tishdi.
Bunday markazning ochilishi natijasida yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish hamda kasallik tarqalishini nazorat etish dasturlari bo‘yicha izchil, muvofiqlashtirilgan va o‘zaro bir-birini to‘ldiradigan faoliyat orqali o‘zbek xalqining salomatligi va farovonligini oshirish uchun katta imkoniyat yaratiladi.