O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyaga tashrifi doirasida 21-yanvar kuni Madridning «Real» jamoasi prezidenti Florentino Peres bilan uchrashdi, deya xabar qildi O‘FF matbuot xizmati.
Uchrashuv jarayonida tomonlar o‘zbek futbolini rivojlantirish uchun ispan mutaxassislarini jalb qilish, Toshkentda Madridning «Real» jamoasi futbol akademiyasini ochish va bolalar murabbiylari uchun turli seminarlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
O‘FF rahbari «Real» bosh direktori Xose Anxel Sanches, klubning tashqi aloqalar bo‘limi direktori Emilo Butraguyeno va Stellar Group kompaniyasining Ispaniya va Portugaliyadagi vakolatxonasi prezidenti Luis Alonso bilan ham uchrashdi.
Umid Ahmadjonov Florentino Peres taklifi bilan «Real Madrid» — «Deportivo» uchrashuvini kuzatdi. Mazkur o‘yin «Santyago Bernabeu» stadioni egalarining 7:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.