Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi hamda «Oʻzbekkino» Milliy agentligi hamkorligida Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida «Koreya animatsiyasi kunlari» ochildi, deb xabar qildi «Oʻzbekkino» milliy agentligi.
Tadbirda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Elchisi janob Kvon Yon U ishtirok etdi va nutq soʻzladi. Kinozalni toʻldirib oʻtirgan bolalarga murojaat qilar ekan, u nutqini toʻliqligicha oʻzbek tilida bayon qildi. Janob Kvon Yon U bu yilgi tadbirdan oʻrin olgan Pororo — kiber oraliqdagi sayohat multfilmi haqida hikoya qilib, filmning bolalarga manzur boʻlishiga umid bildirdi.
«Pororo — kiber oraliqdagi sayohat» multfilmi — Koreyada eng mashhur boʻlgan Pororo nomli multserialning kinoteatr uchun ishlangan 3-toʻliq metrajli animatsion filmi boʻlib, ilk namoyishning birinchi haftasidayoq 160 mingdan ziyod tomoshabinni yigʻa olgan va birinchilikni qoʻlga kiritgan kartina hisoblanadi.
Ushbu film oʻzbek bolalari uchun oʻzbek tiliga dublyaj qilinib, ilk marta taqdim etildi.