Toshkent shahridagi avtokorxonalardan birida ishlaydigan R.K. ustidan sud bo‘lib o‘tdi. O‘zA uning hikoyasini keltirdi.
R.K. tungi vaqtda Chilonzor tumanidagi Bekto‘pi mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylar oldidan o‘tib ketayotgan yigitga hujum qilib, bo‘yniga pichoq tirab qo‘rqitdi va qimmatbaho telefonini tortib oldi. So‘ng voqea joyidan yashirinishga urindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi R.K.ga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Ammo 5 yil ozodlikdan mahrum qilingan yigit hayotning, yaqinlarining qadrini angladi. Qilmishidan ming pushaymon bo‘ldi. O‘rtaga mahalla faollari aralashdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi shahar prokurori tomonidan keltirilgan protest, advokat va jamoat himoyachilari tomonidan taqdim etilgan shikoyat bo‘yicha jinoyat ishini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqdi.
Sudda jabrlanuvchining mahkumga nisbatan da’vosi yo‘qligi, keltirilgan zarar to‘liq qoplangani, aybdor qilmishidan astoydil pushaymon ekanligi, shuningdek, yashaydigan mahallasi faollarining kafilligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olgan holda, R.K.ga nisbatan axloq tuzatish jazosi tayinlanib, u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
R.K. ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, mahalla faollari va sud ishi mas’ul xodimlari oldida bundan keyin halol mehnat qilib, to‘g‘ri yashashga so‘z berdi.