Kuni kecha Facebookdagi guruhlardan birida Toshkentda ichki ishlar xodimlari va bir guruh yoshlar oʻrtasida yuzaga kelgan holat haqida video paydo boʻldi, deb yozadi «Sputnik«.
Video qachon va kim tomonidan tasvirga olinganligi nomaʼlum.
Ushbu videoda huquq tartibot idoralari xodimlari ikki nafar yigitni ichki ishlar boʻlimiga olib ketishga harakat qilayotgani tasvirga olingan.
Videodagi yigit ularga oʻz hujjatlarini koʻrsatgan, biroq militsiya xodimlari baribir uni ichki ishlar boʻlimiga olib ketishga urinishgan.
Kadrlarda ichki ishlar xodimlari ushbu yigitga ortiqcha kuch ishlatmasdan hushmuomalik bilan harakat qilishganini koʻrish mumkin. Biroq rolik qahramoni ichki ishlar xodimlarining xizmat mashinasiga oʻtirish haqidagi talabiga rioya qilmasdan, ularga eʼtiroz bildiradi.
Ehtimol, bu yigitlar koʻchada mast holda tartibbuzarlik qilgan boʻlsalar, ichki ishlar xodimlarining eʼtiborini jalb qilgan boʻlishi mumkin. Shuningdek, bu yigit tomonidan koʻrsatilgan hujjatlar haqiqiyligi huquq tartibot organlari xodimlarida shubha uygʻotgan boʻlishi ham mumkin.
Shu sababli militsiya xodimlari bu holatga aniqlik kiritish uchun ichki ishlar boʻlimida tekshirishni lozim deb topishgandir.
«Hozirgi vaqtda bu video boʻyicha barcha materiallar ichki ishlar xodimlari tomonidan qayta oʻrganilmoqda. Bu video eski boʻlishi mumkin. Shuningdek, oʻsha joyda mushtlashuv boʻlgan boʻlishi ham mumkin. Afsuski, bunday holatlar kam emas. Ushbu holat boʻyicha batafsil axborot beriladi», – deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB vakili.