Joriy yilning 1-oktabr kuni Toshkent shaxriga dunyoning eng yirik birjalari 10 taligiga kiruvchi Koreya fond birjasining bozor qonunchiligi va qoidalari nazorati bosh direktori Seo Choong Ryeol boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad Koreya fond birjasi va Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi hamkorligida qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi bilan bog‘liq qonunbuzilishlarni oldini olish, alomatlarini aniqlash, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishda ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy qilishga qaratilgan trening va seminar o‘tkazishdi.
Trening Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi, “Toshkent” Respublika fond birjasi va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining nazorat uchun mas’ul bo‘lgan xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.
O‘tkazilgan treningda alohida e’tibor jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish hamda qimmatli qog‘ozlar bozorida manipulyatsiya (hiyla-nayrang) qilish yo‘li bilan bitimlar tuzish, insayder axborotdan foydalanish holatlarini aniqlash, ularga yo‘l qo‘ymaslik va bartaraf etishga qaratildi.
Shuningdek, trening yakuni bo‘yicha qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun ochiq seminar o‘tkazildi. Unda Koreya fond birjasining mutaxassislari investitsiya vositachilari (brokerlar) tomonidan mijozlar bilan ishlashda ichki nazorat tizimini joriy qilishning ilg‘or tajribasi bo‘yicha tushuntirishlar berdi.
Trening va seminar yakunida Koreya fond birjasi xodimlaridan tadbirlar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar olishdi va fikr almashishdi.