Toshkentda deyarli bir oy ichida 60 mingdan ortiq haydovchi «jarima maktubi» oldi


Toshkent shahrining 115 chorrahasida kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar asosida 15-martdan 12-aprelgacha boʻlgan muddat mobaynida 62777 nafar haydovchi «jarima maktubi»ni olgan. Bu haqda nuz.uz’ga tayanib Sputnik xabar bermoqda.

Qoidabuzarliklarning 35845tasi svetoforning taqiqlovchi chirogʻida oʻtish, 26932tasi tezlikni belgilangan meʼyordan oshirishdir.

Shu bilan birga, yoʻl-transport hodisalarining umumiy soni ham kamaygani kuzatilmoqda. 15-mart-12-aprel kunlari oraligʻidagi YTHlar 23,9 foizga, oʻlim bilan yakunlanadigan avtohalokatlar 38,9 foizga qisqargan. Jabrlanganlar miqdori 21,3 foiz, avtofalokatlarda jabrlangan bolalar soni 50 foizga kamaygan.

Oʻtgan vaqt mobaynida shahar avtobuslarining 190 nafar haydovchisi qoida buzganligi aniqlangan. «Toshshahartransxizmat»ga koʻra, ular qizil chiroqda oʻtgan yoki toʻxtash chizigʻini bosgan. Toshkent shahar IIBB YHXB maʼlumotlariga koʻra, hisobot davrida 87ta tibbiy yordam hamda 2ta oʻt oʻchirish mashinasi svetoforning taqiqlovchi chirogʻida oʻtgani va tezlikni oshirganligi aniqlangan. Biroq ushbu xizmatlar rahbariyatlari taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, ular haqiqatan ham xizmat vazifasi yuzasidan shoshayotgan boʻlgan. Shu munosabat bilan ularga yozilgan jarimalar bekor qilindi.

Foto: Sputnik

Fikr bildirish

Latest from Blog