Toshkentda 8 kishi “Tavhid va jihod katibasi” terror tashkilotiga a’zolikda gumonlanib ushlandi

20-may kuni Toshkent shahrida “Tavhid va jihod katibasi” nomli terrorchilik tashkilotining 8 nafar yashirin a’zosi ushlandi, deya xabar bermoqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Keltirilishicha, ular Toshkent shahri hududida jamoaviy yig‘inlar o‘tkazib, kelgusida Suriya davlati hududidagi terrorchilik tashkilotlarining safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.

Shuningdek, gumonlanuvchilar terrorchilik tashkiloti yetakchilari bilan internet va turli ijtimoiy messenjerlar orqali aloqa o‘rnatib, ularning ko‘rsatmalari asosida aholi orasida tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish va tashkilot safini kengaytirish bilan shug‘ullanib kelgan, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan shahar Tergov boshqarmasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

“TJK” Oliy sudning 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan terroristik tashkilot deb topilib, O‘zbekiston hududida uning faoliyati taqiqlangan.

Fikr bildirish

Latest from Blog