Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori qamoqda saqlanmoqda

Joriy yilning oktabr oyida Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori Natalya Temirovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.

Foto: minjust.uz

Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda ushbu ish bo‘yicha ma’lumot berildi, deya xabar qilmoqda Uz24.uz nashri.

Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonovning ma’lum qilishicha, N.Temirova ayni vaqtda qamoqda saqlanmoqda. Unga nisbatan davlat byudjeti mablag‘larini yirik miqdorda talon-toroj qilish, yuridik kollejga noqonuniy yo‘l bilan o‘qishga kirgan talabalarga diplomlar berish kabi ayblovlar ilgari surilmoqda.

Dehqonovning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yil 25-noyabrda Temirova O‘zR Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 1-qismi, 206-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan. Ayni vaqtda tergov jarayoni davom etmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent yuridik kollejida kursdoshi Asadbek Parpiboyevga pichoq sanchib, uning hayotdan ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan 3-kurs talabasi Saidkamron Saidvaliyev sodir etgan jinoiy ishi bo‘yicha tergov jarayoni yakunlanib, ayni vaqtda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Latest from Blog