Toshkent viloyatining ayrim hududlarida qurilish uchun yer ajratish vaqtincha taqiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «Toshkent viloyatining ayrim aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishni tartibga solishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, Toshkent viloyatining ayrim aholi punktlari bo‘yicha bosh reja loyihasini ishlab chiqishda ushbu aholi punktlari hududlari uchun jismoniy va yuridik shaxslarga qurilish uchun yer ajratish, binolar, inshootlar va boshqa obyektlar, shu jumladan muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va qayta ixtisoslashtirish, shuningdek, ularga ruxsatnomalar berish borasida vaqtinchalik taqiqlar joriy etildi.

Shu bilan birga, ushbu taqiqlar O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi.

Qarorga ilovada bosh reja loyihasi ishlab chiqilayotgan Toshkent viloyatining aholi punktlari ro‘yxati ham e’lon qilindi.

Ushbu ro‘yxatga Zangiota tumanidagi O‘zgarish, Zangiota va Xonobod QFY hududi, Qibray tumanining O‘nqo‘rg‘on, Salar, Tuzel, Yangiobod QFY, Toshkent tumanining Choshtepa, Hasanboy, Yunusobod QFY, Quyichirchiq tumanining Toshloq QFY, O‘rtachirchiq tumanining Qumovul QFY, Yuqorichirchiq tumanining Arganchi, Istiqlol, Surankent, Tinchlik, Bordonko‘l QFY hamda Yangiyo‘l tumanidagi A.Ortiqov QFY hududlari kiritilgan.

Latest from Blog