Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyatidagi ayrim xavfli hududlar va harakatlanish yo‘llari haqida ma’lumot berdi.
FVV axborot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani 4R-10 «Chorvoq suv ombori aylanma yo‘li» avtomobil yo‘lining “Bog‘iston” va “Nanay” qishloqlari oralig‘ida ko‘chki xavfi mavjudligi sababli, yo‘lning shu qismida harakat vaqtincha taqiqlangan.
Shu bois 4R-10 “Chorvoq suv ombori aylanma yo‘li» avtomobil yo‘li bilan “Bog‘iston” qishlog‘iga “Yusufxona” va “Burchmulla” qishloqlari orqali hamda “Nanay” qishlog‘iga esa “Sijjak” qishlog‘i orqali borish tavsiya etiladi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “G‘azalkent-Chimyon” avtomobil yo‘lining 69-70 km.lari oralig‘ida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilayotgani sababli, “Chimyon” qishlog‘iga borish uchun 4R-12 “Toshkent-Chorvoq-Chimyon” aylanma yo‘lidan foydalanish tavsiya etiladi.