O‘rta Chirchiq tumanida fuqarolar va bank xodimlari 2 mlrd so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlangan shaxslar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Tergovga qadar tekshiruvlar davomida bu ishni «N-M.» va «T.N.» xususiy korxonalarini norasmiy boshqarib kelgan U.B. va boshqalar hududiy tijorat banki mutasaddilari amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Ular «E.M.» MCHJga tegishli binolar yerto‘lasining har birini bozor bahosi 1,5 mlrd va 1,9 mlrd so‘mni tashkil etishi haqida soxta baholash xulosalarini tayyorlab, bank filialidan ajratilgan jami 2 mlrd so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan, deyiladi xabarda.
Holatlar yuzasidan JKning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.