Toshkent viloyatining Ohangaron, Angren, Qibray, Bo‘stonliq, Zangiota, Parkent, O‘rtachirchiq va Chinoz tumanlarida bo‘ri va chiyabo‘rilar keskin ko‘payib ketdi va tunlari mahallalar oralamoqda, deb xabar qildi Sof.ru nashri.
«Mahallamizda chiyabo‘rilar paydo bo‘lgan, kechasi kimningdir mol yoki qo‘yini yeb ketyapti. Tuni bilan uvillab chiqadi, odamlar bemalol yurishga ham qo‘rqib qolgan», — degan Zangiota tumanida yashovchi Gulnora Amirjonova.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Fayziyev bo‘ri va chiyabo‘rilar keskin ko‘payib ketganini tan olgan holda, Toshkent viloyati ovchilar birlashmasiga yirtqichlarni otishga ruxsat berilganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, fuqarolar bo‘ri va chiyabo‘rilarni yo‘q qilish bo‘yicha viloyat ovchilar birlashmasiga murojaat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, jori yil mart oyi oxirlarida Farg‘onaning Quvasoy shahridagi mahallalarning birida chiyabo‘rilar 18 bosh qo‘yni bo‘g‘izlab ketgani haqida xabar berilgan edi.