Toshkent viloyatida 516 kilometr xalqaro ahamiyatdagi avtomagistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash belgilandi

Joriy yilda Toshkent viloyatida 516 kilometr xalqaro ahamiyatdagi avtomagistral hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash belgilangan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Zamin.uz

Toshkent tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi hududdagi 121 kilometr avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatadi. Korxona tomonidan belgilangan rejaga ko‘ra, yo‘llarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Qish mavsumi oldidan joylarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda avtomobil yo‘llarining nosoz holatga kelishi, qishda sirpanchiq paydo bo‘lishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

Ohanganron tumanida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Tumandagi “Yalpoqtepa”, “No‘g‘oyqo‘rg‘on”, “Aqchasoy” mahalla fuqarolar yig‘inlari yo‘llarini ta’mirlashga 167 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. O‘ndan ortiq mahalladagi ichki yo‘llarda loyiha qiymati 915 million so‘mlik asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Toshkent – O‘sh” avtomobil yo‘lining tuman hududidan o‘tuvchi 42 kilometr masofadagi qismida joriy ta’mirlash ishlari jadal davom etmoqda. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, viloyat hokimligi hamkorligida tuman va shaharlarda olib borilayotgan joriy ta’mirlash ishlari Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.

Viloyatda bu yo‘nalishda kelgusi yilda ham istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. Yo‘l xo‘jaligi sohasining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yuksak ahamiyatga ega ekani uning muhim xususiyatidir. Iqtisodiyotning umumiy rivoji va aholi barcha qatlamlarining hayot sifati ayni shu tizimning samarali faoliyat ko‘rsatishiga bog‘liq.

Latest from Blog