Seul shahri meriyasi delegatsiyasi Prezidentning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Delegatsiya Xalq qabulxonasida davlat xizmatlarini taqdim etish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoni, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, shikoyat va arizalar ijrosini nazorat qilish mexanizmi bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlarga murojaatchilarni ro‘yxatga olish, navbatni tashkil etish va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha dastur haqida atroflicha ma’lumot berildi.
— O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar doirasida Toshkent shahar hokimligida “Raqamli ofis”, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va o‘rganish, davlat xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha tizimlarni tatbiq qilish ko‘zda tutilgan. Xalq qabulxonasi bilan tanishish asnosida uning faoliyatini takomillashtirish, jumladan, murojaatlar bilan ishlashning elektron tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi, — deydi Seul meriyasi davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘limi rahbari Sung Geo Park.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligida bo‘lib, “Hudud” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uchun yaratilayotgan “Obod uy” dasturi, 1055 xizmatida AKT joriy etilganini o‘rgandi.