Kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qamchiq dovoni vaqtincha yopilgani, keyinroq esa dovon yo‘li qayta ochilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 60/59, 62/61-sonli yo‘lovchi poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan.
“Farg‘ona vodiysida kuzatilayotgan noqulay ob-havo sharoiti va tog‘li hududlarda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgani bois poyezdlar harakat xavfsizligini hamda yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 5-may kuni Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 60/59-sonli hamda 62/61-sonli yo‘lovchi poyezdlar harakati vaqtincha, ya’ni bir kunga to‘xtatiladi. Yo‘lovchilarga xarid qilingan chiptalari 100 foiz miqdorda qaytarib beriladi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, vodiy viloyatlarida harakatlanadigan elektropoyezdlar harakat jadvaliga ham o‘zgartirish kiritiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temiryo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan olish mumkin.