Endi Toshkent xalqaro aeroportida faoliyat koʻrsatuvchi barcha Duty Free doʻkonlarida mahsulotlarni milliy valyutada sotib olish mumkin, deb xabar qildi NUZ.UZ nashri.
Bugungi kunda doʻkondagi mahsulotlarning narxi dollar va yevro valyutalarida yozilgan. Lekin xaridorlar mahsulotlar milliy valyutada toʻlashmoqchi boʻlsa, narxlar Markaziy bank kursi boʻyicha hisoblab berilishi mumkin.
Duty Free doʻkonlaridan toʻlovlarni amalga oshirish mumkin boʻlgan valyutalar roʻyxati oʻtgan haftada kengaytirildi. Bu Toshkent aeroportida yoʻlovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy qilindi.
Koʻplab dunyo mamlakatlari xalqaro aeroportlarida bojsiz savdo doʻkonlarida mahsulotlar davlat milliy valyutasida sotiladi. Bundan avval Toshkent aeroportida joylashgan Duty Free doʻkonlarida mahsulotlar faqat dollar va yevroga sotib olish mumkin edi.
Bugungi kunda Toshkent xalqaro aeroportida 4 ta Duty Free doʻkonlari ish faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda turli xildagi alkogol ichimliklar, tamaki, parfyumeriya, pardoz-andoz mahsulotlari, oʻyinchoqlar, shokolad hamda milliy estalik sovgʻalar sotiladi.
Duty Free bojsiz savdo doʻkonlarida mamlakat tashqarisiga olib chiqib ketiladigan mahsulotlar sotiladi. Ularning qiymatiga ayrim bojxona toʻlovlari, aksiz, shuningdek qoʻshilgan qiymat soliqlarining qiymati hisobga olinmagan. Ushbu turdagi doʻkonlar asosan davlat chegarasini kesib oʻtish joylarida (aeroport, vokzal) tashkil qilinadi.