Tolibon to‘qqiz nafar ayol politsiyachiga Qandahor markaziy qamoqxonasiga ishga qaytishiga ruxsat berdi, deb xabar berdi Tolo News koloniya rahbariga tayanib.
Qandahor qamoqxonasining ayollar bo‘limida hozirda 50 nafar mahbus bor. Jinoyatchilardan tashqari qamoqxonada giyohvandlikdan davolanayotganlar ham borligi aytiladi. Koloniya xodimlarining aytishicha, Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin politsiyachi ayollar yetti oy ishsiz qolgan.
Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgach, ko‘plab ayollar, ayniqsa xavfsizlik kuchlarida ishlaganlar ishsiz qoldi. Bundan tashqari, afg‘onistonlik ayollarga erkaklar egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlarda ishlash va sport bilan shug‘ullanish taqiqlandi.
Shuningdek, ayollarga parklarga borish kunlari qisqartirildi, samolyotlarda uchish va hamrohsiz jamoat transportida yurish taqiqlandi. Bunga parallel ravishda Afg‘onistonda qizlar maktablari yopildi, universitetlarda alohida ta’lim joriy etildi.
Ayollar huquqlari buzilgani uchun BMTning sanksiyalar qo‘mitasi Tolibon ta’lim vaziri Abdul Boqiy Haqqoniy va uning o‘rinbosari Said Ahmad Shahidhaylga Afg‘onistonni tark etishni taqiqladi.
Avvalroq, Tolibon BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasining (UNAMA) mamlakatdagi inson huquqlari bo‘yicha hisobotini “propaganda” deb atagan edi.
«UNAMAning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha hisoboti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mamlakatda o‘zboshimchalik bilan qotillik yoki hibsga olishlar yo‘q. Agar kimdir o‘zboshimchalik bilan o‘ldirgan yoki hibsga olgan bo‘lsa, u jinoyatchi hisoblanadi va shariat qonunlari bilan yuzma-yuz keladi», deb yozdi Tolibon vakili Zabiulla Mujohid ijtimoiy tarmoqlarda.
«2021-yil avgust oyi o‘rtalaridan 2022-yil iyun o‘rtalarigacha UNAMA 2106 nafar tinch aholi orasidagi jabrlanganlarni qayd etdi (700 nafari halok bo‘ldi, 1406 nafari yaralandi). Bu qurbonlarning aksariyati ISHID-Xuroson qurolli guruhining etnik va diniy jamoalarga qaratilgan maqsadli hujumlari natijasidir”, deyiladi BMT missiyasi Tolibon hukmronligining 10 oyi davomida bu mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni tavsiflovchi hisobotda.