Tohir Yo‘ldoshning akasi 23 yillik jazo muddatidan so‘ng ozodlikka chiqdi (video)

Namangan shahridagi Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘inida profilaktika inspektori hisoboti tinglandi. Bu haqda “Daryo” ma’lum qildi.

Foto: Daryo.uz

Hisobotda o‘tgan yil yakuni bo‘yicha mahallada 2 ta jinoyat sodir etilgani, bu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan bittaga kamaygan bo‘lsa ham, 2,3 ming aholi istiqomat qiladigan hudud uchun salmoqli ekanligi ta’kidlandi.

Undan keyingi muhokamada yaqinda jazo muddatini o‘tab qaytgan Zohid Yo‘ldoshev ham ishtirok etdi.

“Jazo muddatini o‘tab, o‘tgan yil oktabrida ozodlikka chiqdim. 23 yil mobaynida nima ish o‘tgan bo‘lsa, ortda qolib ketdi. Yaqinda Prezidentning 4,5 soatli murojaatini erinmay oxirigacha eshitdim. Yurtboshi xalq g‘amida harakat qilyapti, olib borilayotgan siyosat, qilinayotgan ish xalqqa ma’qul bo‘lyapti. Menga o‘xshab adashganlar ko‘zini ochadigan payt keldi.

Novvoyxona ochdim, hozir shuni yurgizib turibman. Kelgusida konditer sexi tashkil etmoqchiman. Hokimlikdan kelishdi, bo‘sh maydonlarni taklif qilishdi. Maqsad — el koriga yaraydigan insonlar qatorida bo‘lish”, — deydi Zohid Yo‘ldoshev.

Zohid Yo‘ldoshev bir paytlar o‘zini “O‘zbekiston islom harakati yetakchisi” deb e’lon qilgan Tohir Yo‘ldoshevning akasi. OAV Tohir Yo‘ldoshev 2009-yili Pokistonda, AQSh uchuvchisiz uchish qurilmasi bergan zarba oqibatida halok bo‘lganini xabar qilgandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog