Oʻzbekistondagi asosiy turistik markazlaridagi mehmonxonalarda 2017-2020-yillarda Yagona axborot tizimi joriy etilib, videokuzatuv kameralari va ogohlantiruvchi aloqa tizimlari bilan taʼminlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida aytiladi.
Qarorga muvofiq, Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari tuzilmalarida xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari tashkil etiladi. Boshqarmalarning shaxsiy tarkibi lavozimlari tanlov asosida yuqori malakali, birinchi navbatda, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar bilan taʼminlanadi. Boshqarmalar xodimlari uchun ularning lavozim maoshining 10 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.
Boshqarmalarning bevosita joylarda xavfsiz turizmni taʼminlash vazifalarini bajaradigan xodimlari «Elektron tarjimon» dasturiy taʼminoti va elektron axborot tizimlari maʼlumotlar bazasidan foydalanish imkonini beradigan shaxsiy planshet kompyuterlari bilan taʼminlanadi.
Oʻzbekiston TIV matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, 2017-yilning yanvar-sentabr oylari davomida 96 752 nafar sayyohlarga Oʻzbekistonga kirish vizalari berilgan hamda 2016-yilning shu davriga nisbatan berilgan sayyohlik vizalari 24%ga oshgan.