15-yanvar kuni Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Suhbat davomida BMT Bosh kotibining O‘zbekistonga tashrifi va uning 2017-yil 10-iyundagi Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston va BMT hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida BMT Xavfsizlik kengashining bo‘lajak tadbirlari — «Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik: ishonch choralari» nomli tadbirida va vazirlar darajasidagi «Xavfsizlik va taraqqiyotning o‘zaro bog‘liq modeli sifatida Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish» mavzusidagi ochiq munozaralarning kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.