Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining Internet ijtimoiy tarmogʻida «Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti» veb-sayti tashkil etildi va undan tergovdepartamenti.uz domeni orqali foydalanish mumkin.
Ushbu veb-sayt Tergov departamenti faoliyati haqida, joylarda Tergov departamentning hududiy boʻlinmalari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, uni barvaqt aniqlash va oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlari toʻgʻrisida aholini xabardor qilib boradi.
Shuningdek, sayt jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tartibini oʻrnatish, murojaat etuvchilarni, jabrlanuvchi va boshqa toifadagi shaxslarni ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan masalalari yuzasidan koʻrilayotgan choralar boʻyicha, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa vositalaridan foydalangan holda oʻz vaqtida xabardor qilib borish mexanizmini joriy etish maqsadida yaratildi.
Shu bilan birga, veb-sayt fuqarolar tomonidan ekspert-kriminalistika, Axborot markazi va tergov faoliyati bilan bogʻliq ayrim masalalar boʻyicha koʻp beriladigan savollar yuzasidan huquqiy javoblar berish, Tergov departamenti va uning quyi tizimlari rahbarlarining qabul kunlari, Tergov departamenti rahbariyatining virtual qabulxonasi kabi funktsiyalarni qamrab oladi.