O‘zbekistonda vokzal binolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz kirishga ruxsat berildi. Bu haqda Transport vazirligi 12-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi qaroriga asoslanib ma’lum qildi.
Hujjatga muvofiq, tashrif buyuruvchilar faqatgina vokzal binosiga pasportsiz kirishlari mumkin bo‘ladi. Yo‘lovchilar platformasiga — perronga yo‘lovchi poyezd chiptalariga ega bo‘lgan yo‘lovchilar hamda harakatlanishi cheklangan bemor yoki keksa yoshdagi yo‘lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchi fuqarolar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Chiptalari yo‘q shaxslar, shuningdek, chiptada ko‘rsatilgan ma’lumotlar yo‘lovchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlardagi ma’lumotlarga mos bo‘lmagan fuqarolarning yo‘lovchilar platformasi-perronga va yo‘lovchi tashish vagonlariga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘tgan yillar davomida vokzal va aeroportlarga kirish bosqichma-bosqich kuchaytirildi. Yo‘lovchilar nazoratning bir necha bosqichlaridan o‘tishga majbur bo‘ldilar, kutib oluvchi va kuzatib qo‘yuvchilar vokzal va aeroportlar binolariga kiritilmadi.
Hujjatda aeroport va vokzallarning asosiy nazorat-o‘tkazish punktlarini kirishdagi birlamchi nazorat-o‘tkazish punktlari bilan birlashtirish, aeroportlar va vokzallar binolariga xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda erkin kirishga ruxsat berish, shuningdek, aeroport va vokzallar, ularga tutash hududlarda umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Sentyabr oyida Toshkentdagi Markaziy (Shimoliy) vokzalda bir bosqichli nazorat punkti joriy etildi — hujjatlarni tekshirish va bagajni tekshirish hozirda bir joyda amalga oshirilmoqda.
Avvalroq prezident markaziy vokzallarga avtomobillarning kirishiga ruxsat berish imkoniyatlarini o‘rganish topshirilgan qarorni imzolagani haqida yozgan edik.