Tashqi ishlar vazirligida «chiqish vizalari»ni bekor qilish masalasi muhokama qilindi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan 8-iyul kuni idoralararo yig‘ilish o‘tkazdi. Unda TIV rahbarining fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqoti davomida turli masalalar, jumladan, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish takliflari ko‘rib chiqildi.

Foto: migrant.ru

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilishda Prezident Devoni, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, bandlik va mehnat munosabatlari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi migratsiya masalalari agentligi va boshqa davlat organlari vakillari ishtirok etgan.

Xorijdagi mehnat faoliyatini litsenziyalash va undan kelib chiqadigan konsullik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha imkoniyatlar borasida joriy amaliyotni soddalashtirish va onlayn ro‘yxatga olish tizimini joriy qilish to‘g‘risida taklif bildirildi.

O‘zbekiston fuqarolarining chiqish vizalarini olish bilan bog‘liq ko‘p sonli muammolari (to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda murojaat qilganlarning 9,5%) borasida turli variantlar, hatto ularni to‘liq bekor qilinish haqida mulohazalar bildirildi.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli uch soat davom etgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot chog‘ida Abdulaziz Komilov O‘zbekiston fuqarolari hayotining turli jabhalarini o‘zida qamrab va xalqaro siyosatga bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan 39 ta savolga javob berdi.

Vazirlikning va’da berishicha, murojaat qilganlarning barchasiga aniq javob beriladi. Shu bilan birga alohida muamolarni hal qilish normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritishni talab qilishi ta’kidlandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog