Antaliya- Oʻrta Yer dengizida joylashgan,Toros togʻlarining yarim oy shakli bilan oʻralgan, ayni paytda koʻngilochar sayohat deganda xayolga birinchilardan boʻlib keladigan manzil.
Antaliya dunyodagi eng koʻp tashrif buyuriladigan shaharlardan biri. Bunga sabab esa uning plyajlari emas. Sharqqa qarab harakatlanar ekansiz, Demre qoʻltigʻida soʻlim tabiatni, har bir burchakda esa, qadimgi sivilizatsiya izlarini uchratishingiz mumkin. Kas — dunyodagi kam sonli suv ostiga shoʻngʻish markazlaridan biri sanaladi. Kemerda koʻplab hashamatli kurort mehmonxonalari va haybatli Taxtali togʻi joylashgan. Antaliya shahrining markazini tashkil etgan Kaleichi, Sharqiy Oʻrtayer dengizining eng muhim oʻrta asr portlaridan biri boʻlgan qadimiy Attaelia shahrini, Saljuqiylar izlarini va tabiat moʻjizalarini birlashtiradi. Pamfiliya sivilizatsiyasining muhim port shahri boʻlgan Sankt-Polning asosiy toʻxtash joylaridan biri boʻlgan Perge antik shahri, ajoyib tuzilmalari bilan taʼsirchan tarixiy markazga aylantirilgan.
Biz esa sizlarga Antaliyada borish mumkin boʻlgan manzillarning Top-10 taligini taqdim etamiz.
Taxtali togʻi
Taxtali togʻi Antaliya shahar markazining gʻarbiy qismida, Kemer tumanidagi Beydagʻlari milliy bogʻi ichida joylashgan. Togʻ Kemer qirgʻoq chizigʻiga juda yaqin boʻlsa-da, togʻning choʻqqisi 2365 metr balandlikda joylashgan.
Koʻprikli kanyon milliy bogʻi
Koʻprikli kanyon milliy bogʻi Antaliya shahar markazidan 85 km shimoli-sharqda, Manavgat tumanidan 63 km shimoli-gʻarbda, Koʻpruchay daryosi yoqasida joylashgan. Ushbu tabiiy hudud 1973 yilda Milliy bogʻ sifatida ajratilgan va eʼlon qilingan. Milliy bogʻning manba qiymatini tashkil etuvchi Koʻpruchay taʼsirida vujudga kelgan vodiy, Turkiyaning eng uzun kanyonlaridan biri boʻlib, uzunligi 14 km, devor balandligi esa, 100 metrdan ortiqdir.
Koʻprikli kanyon milliy bogʻi oʻzining tabiiy, tarixiy va madaniy boyliklari tufayli tashrif buyuruvchilarga koʻplab koʻngilochar tadbirlarni taklif etadi. Koʻpruchay va uning atrofida kanoe (eshkakli qayiq)da sayr qilish va kanyonda boʻylab sayohat qilish, shuningdek, rafting; suzish, piyoda sayr qilish, qoyaga koʻtarilish, moʻljalga otish, velosport, baliq ovlash, yovvoyi tabiatni kuzatish, lager, fotografiya, piknik, jip safari va plato ekskursiyalari kabi oʻnlab turli xildagi tadbirlarni amalga oshirishingiz mumkin. Shuningdek, siz Selge antik shahrini va bir qismi Milliy bogʻda joylashgan Avliyo Pavel yoʻlini marshrutingizga kiritishingiz mumkin.
Goʻynuk darasi
Antaliya shahar markazidan 36 km janubi-gʻarbda, Kemerning shimolda joylashgan Goʻynuk darasi; oʻzining soʻlim tabiati, koʻm-koʻk daraxtlari, tabiiy sharsharalari va hovuzlari bilan deyarli yer yuzidagi jannatga aylangan. Ushbu dara dunyoga mashhur Likiya yoʻlida joylashgan.
Kekova
Kekova, uzunligi 7,4 km, kengligi taxminan 500 metrga yetgan orol boʻlib, Uchogʻiz (Teimiusa) va Kale (Simena) qishloqlari boʻylab choʻzilgan. Eng baland choʻqqisi 188 metr boʻlgan orolni feruza dengiz oʻrab olgan.
Kekova — soʻnggi yillarda tobora ommalashib borayotgan orollardan sanaladi. Chayagʻzi (Andriake) dan amalga oshiriladigan qayiq sayohatlari “Kekova sayohati” deb atala boshlandi. Bundan ham muhimi, orol atrofidagi arxeologik tabiiy himoya hududlariga “Kekova muhofaza hududi” nomi berilgan.
Kash
Antaliyaning gʻarbiy qismida joylashgan, sheʼr va qoʻshiqlar yoziladigan, dam olish va hordiq chiqarish uchun afzal sanalgan, tor koʻchalari va tabassumli odamlari bilan sizni oʻziga tortadigan “shinamgina” shaharcha soʻzi bilan taʼriflashga loyiqdir.
Kash sizga oʻnlab tadbirlarni vaʼda qiladi. Ulardan eng mashhuri Kashning kichik bandargohidan joʻnaydigan qayiqlarga minib, moviy qoʻltiq boʻylab sayohat qilishdir. Bundan tashqari, bu sokin qoʻltiqda Turkiya va Yevropada eng mashhur shoʻngʻish manzillari mavjud. Kanyon, Dimitri (Pamuk), Besmi oroli, Buyuk gʻor va Limanagʻzi Kashning eng taniqli va istiqbolli shoʻngʻish joylaridir.
Kaputash sohili
Birinchi darajali tabiiy muhofaza qilinadigan hudud boʻlgan Kaputash sohili Kash-Kalkan avtomagistralida joylashgan. Kaputash — dengizga tutashgan vodiyning ogʻzida joylashgan sohildir. Oq qumlardan iborat ushbu sohil — ochiq havoda toʻq koʻk, yaqinlashganda moviy, qirgʻoqdan qaraganda esa feruza rang boʻlib tovlanadigan afsunkor dengiz hisoblanadi.
Chirali sohili
Kemer tumanidagi Chirali sohili janubiy tomondan Qadimgi Olimpos shahri, shimoli-gʻarbidan esa Yanartash (Ximera) bilan oʻralgan. Chirali sohilining uzunligi 3,2 km va kengligi 10 dan 50 metrgacha. Sohil dengizdan yengil qiyalik bilan koʻtariladi va ikkala uchida qoyalar bilan chegaralanadi. Umuman olganda, u mayin qumlari bilan mashhur.
Patara sohili
Patara sohili Turkiyadagi ikkinchi eng uzun sohildir. Uning kengligi 280 metrdan 1500 metrgacha, umumiy uzunligi esa 14 kilometrni tashkil qiladi. Maxsus atrof-muhitni muhofaza qilish hududi deb eʼlon qilingan Patara, shuningdek, Turkiyadagi Caretta Carettas noyob toshbaqalarining ham koʻpayishi uchun maqbul hudud sanaladi.
Injekum sohili
Injekum — Alaniyadagi Avsallar shaharchasidagi sohil boʻlib, u oʻziga xos qumi bilan mashhur. Mayingina sariq qumi va sayoz dengizi bu sohilni oʻziga xos qiladigan asosiy omillardir.
Lara sohili
Lara sohili Antaliya shahar markazidan 18 kilometr janubi-sharqda joylashgan. U sohil qumliklarining kengligi va nafis qumga egaligi bilan mashhurdir. Shuning uchun Lara sohili odamlar orasida Oltinqum sohili deb ham ataladi. Lara sohilining uzunligi ikki kilometr, kengligi esa oʻrtacha 45 metr.