Yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama bo‘lgan, foydalanuvchilarni chuqur hayajonga solgan xabar — tanasidan 16 ta igna va sim bo‘lagi topilgan chaqaloq taqdiri atrofidagi fikr-mulohazalar hali-hamon poyoniga etgan emas. Zotan, ushbu ko‘ngilsiz xodisaning kelib chiqish sababi, uning oqibati kishini chuqur o‘yga toldiradi.
Bugun kimdir go‘dakning ahvoli juda og‘ir ekanini aytsa, yana kimdir bu voqelikka oilaviy kelishmovchiliklar sabab bo‘lganini bildirmoqda. «Xalq so‘zi» muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida chaqaloqning onasi va mahalla faollari bilan uchrashib, aslida nima bo‘lganligiga oydinlik kiritishga harakat qildi.
Abdujabbor AHMEDOV, “Nayman” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi:
— Chaqaloq dunyoga kelgan Shohsanam Boltaboyeva va Azimjon Xudoyberdiyevlar oilasi mahallamizda tinch-totuv yashayogan oilalardan biri. Oila kattalari Abdumajid va Umidaxon Xudoyderdiyevalar halol mehnat bilan 5 o‘g‘ilni voyaga yetkazishgan. Chaqaloqning otasi Azimjon oilada to‘rtinchi farzand. U yangi uy qurish maqsadida 2015-yildan buyon Rossiyada ishlaydi. U 2013-yilda Shohsanam bilan turmush qurishgan. Bundan tashqari, ular mahalladosh. Ikki yil farzand ko‘rishmadi. 2015-yilning kuzida Shohsanam ham turmush o‘rtog‘ining oldiga ketdi. 2016-yilning iyulida homilali bo‘lganligi bois Farg‘onaga qaytdi.
Odamlar orasida turli gap-so‘zlar oralagani bor gap. Lekin men onaning bunday tuban ishga qo‘l urganiga ishonmayman. Negaki, Shohsanam ikki yil sabr bilan Yaratgandan farzand so‘raydiyu o‘z jigarbandining joniga qasd qiladimi? Bunga hech bir sabab ko‘rmayapman. Bu mudhish voqea yuz bergandan so‘ng jamoatchilik bilan birgalikda chaqaloq vaqtincha yashayotgan xonadonda bo‘ldik. Shohsanam Boltaboyevaning onasi Xayrixon Boltaboyeva do‘ppido‘zlik bilan shug‘ullanadi. O‘sha kunlari bozordan igna to‘plamini olib kelgan ekan. Voqeaga ehtiyotsizlik sabab bo‘lishi ham mumkin. Yana kim biladi deysiz…
Akmaljon QURBONOV, “Nayman” mahalla fuqarolari yig‘ini profilaktika inspektori:
— Azimjonning xonadonida joy masalasi muammo bo‘lganligi bois erining maslahati va roziligi bilan Shohsanam o‘zining ota uyida vaqtincha yashaydi. Yangi yil kuni Shohsanam qaynotasining uyida bayram nishonlashgani, bir-ikki kun erining uyida qolganidan ham xabarim bor. Ya’ni ularning orasida hech qanday nifoq yo‘q. Qaynonasi Umidaxon Qayumova va oilasi o‘rtasida Shohsanam bilan biror marta ham kelishmovchiliklar ro‘y bermagan. Har ikkala xonadon — Azimjon va Shohsanamning xonadoni ham o‘ziga tinch xonadonlardan. Shohsanamda kuchli ta’sirlanish holatlari yoki salbiy ruhiy bosim mavjud bo‘lmagan.
Uning yakkayu yagona akasi Sarboz Usubaliyevning bir o‘g‘li bor. Yaqinda qizli bo‘ldi. Jumagul kelinoyisi bilan munosabatlari risoladagidek. Masalaning o‘ylantiradigan tomoni, shifokorlar ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida “Ignalar tashqi ta’sir ostida yuborilgan” ma’nosida tibbiy xulosa berdilar. Ularning mutaxassis sifatidagi fikrlariga qo‘shilaman. Nima bo‘lganda ham bu jumboqli va taajjubli masalaga tergov davomida oydinlik kiritiladi.
Shohsanam Boltaboeva, chaqaloqning onasi:
— Ikki yillik sabr-bardosh bilan ona, degan sharafli baxtga erishdim. Nahotki, o‘z vujudimda to‘qqiz oy ko‘tarib, dunyoga keltirgan farzandimni o‘z qo‘larim bilan nobud qilishga urinsam. Yo‘q buni, hatto, o‘ylashga ham qo‘rqaman…
Chaqaloqning bobosi Murodjon Boltaboyevning telefon orqali xabar berishicha, hozir poytaxtdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazi davolanayotgan 11 oylik Azizbek Abdumajidovning ahvoli yaxshilangan. Shifokorlar uning oziqlanishiga ruxsat berishgan.