9-sentyabr kuni poytaxt hokimligida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, sektor rahbarlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hamda poytaxtdagi OTM rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu xaqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
So‘zga chiqqan rektorlar yotoqxonalarda mavjud o‘rin joy, ularda talabalarning joylashtirilganlik holati hamda yana qancha joyga ehtiyoj borligi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35636 o‘rinni tashkil etmoqda. Bugungi kunda 27354 nafar talabaning yotoq joy bo‘yicha ehtiyoji qondirilgan.
Bundan tashqari, 2022-yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va budjet mablag‘lari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30956 o‘rinli 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda vazirlik mas’ullari tomonidan ko‘rilayotgan bu kabi choralar yetarli emasligi, boshqa imkoniyatlarni ham izlab topish kerakligi ta’kidlanib, qator takliflar o‘rtaga tashlandi.