Talaba 2200 AQSh dollarini oyog‘iga «kiyib» chegaradan o‘tolmadi


Qashqadaryo viloyatidagi oliygohlardan birida tahsil olayotgan qo‘shni davlat fuqarosi X.Gulboev o‘ziga tegishli xalqaro to‘lov kartasidan o‘qish harajatlari uchun 2200 AQSh dollarini vakolatli banklardan biri orqali naqdlashtiradi. Shundan so‘ng naqdlashtirilgan valyutani noqonuniy ravishda O‘zbekistondan olib chiqish choralarini izlaydi.

Shu tariqa ushbu shaxs oyoq kiyimlariining ichki qismiga 2200 AQSh dollarini xufyona tarzda joylashtirib, qo‘shni davlatga o‘tmoqchi bo‘lgan paytda bojxonachilar tomonidan fosh etildi.

Qo‘shni davlat fuqarosi S.Djumamuradova ham xuddi shu usulni qo‘llashga urindi. U ham o‘ziga tegishli xalqaro to‘lov kartasidan 500 AQSh dollarini vakolatli bankdan naqdlashtirib, etigiga yashirgancha olib chiqayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Yakunda mazkur qonunbuzarlik holatlari yuzasidan jinoyat ishlar bo‘yicha Nishon tumani sudining tegishli qarorlariga asosan X.Gulboev hamda S.Djumamuradovaga nisbatan jazo choralari qo‘llanilib, ashyoviy dalil sifatida olingan 2700 AQSh dollari davlat egaligiga o‘tkazildi.

O‘zbekistonda o‘rnatilgan tartib-qoidalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi rezident jismoniy shaxslari hamda norezident jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududiga bojxona nazoratiga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valyutani olib kirishga ruxsat etilgan.

Shuningdek, respublika tashqarisiga naqd erkin almashtiriladigan valyutani olib chiqib ketishga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga 2000 AQSh dollariga teng miqdordagi summa doirasida, norezidentlariga esa yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasiga muvofiq olib kirilgan valyuta doirasida ruxsat etiladi.

Ko‘rsatilgan summadan ortiq naqd valyutani olib chiqib ketishga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirish uchun bosh litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog