Tailand qirolligining Phuket viloyatida qalbaki dollar banknotlarini Tailand bati va Malayziya ringgitiga ayirboshlashga uringan o‘zbekistonlik politsiya tomonidan hibsga olindi, deya xabar bermoqda Phuket Gazette nashriga tayanib Sof.uz.
Foto: Phuket Gazette
27 yoshli Boboyev G‘olibjon Obidovich 3-iyul kuni Phuket viloyatidagi Ravay dam olish maskanida joylashgan valyuta ayirboshlash idorasida 1700 dollarni almashtirish uchun topshirgan. Pullarning haqiqiyligidan shubhalangan valyuta ayirboshlash idorasi rahbari esa darrov politsiyani chaqirgan.
Foto: Phuket Gazette
O‘zbekistonlik sayyoh voqea joyida qo‘lga olingan. U almashtirmoqchi bo‘lgan kupyuralardan 900 dollari qalbakiligi aniqlangan. G‘olibjon Boboyevni tergov qilgan politsiya uning ko‘rsatmasi to‘g‘riligiga shubha qilmoqda.
Foto: Phuket Gazette
Pulni qalbakilashtirishda gumon qilingan o‘zbekistonlik pullarini Bangkokdagi bank filialida naqdlashtirib olganini aytgan. Bank xodimlari unga pulni ayirboshlash uchun naqd Tailand valyutasi yo‘qligini bahona qilib, AQSh dollarini taqdim qilishgan.Uning aytishicha, banknotalar haqiqiy bo‘lib, bankomatdagi pul o‘tkazish jarayonida shikastlangan bo‘lishi mumkin.
Politsiya vakili podpolkovnik Yokin Jankongning aytishicha, O‘zbekiston fuqarosi tergovda ushlab turilibdi. G‘olibjon Boboyev Tailandga sayyoh sifatida borgan bo‘lib, u yerda 15 kun qolishni rejalashtirgan. U Tailandga 1-iyul kuni Malayziyadan kelgani aniqlangan.