Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-dekabrdagi 1033-qarori bilan suyultirilgan gaz sotish va yetkazib berishda suiiste’molliklarning oldini olish maqsadida aholiga suyultirilgan gazni sotish narxlari belgilandi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi «Valyuta bozorini liberallashtirish sharoitlarida iqtisodiyotning bazaviy sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3253 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2018-yil 1-apreldan aholiga sotiladigan 1 kilogramm suyultirilgan gazning narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 720 so‘m, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida 700 so‘m, qolgan hududlarda 500 so‘m etib belgilangan.
2018-yil 1-avgustdan boshlab esa Respublikaning barcha hududlarida suyultirilgan gaz aholiga 1 kg uchun 800 so‘mdan yetkazib beriladi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspektsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur qaror bilan belgilangan yagona chakana narx, shuningdek, aholiga kundalik hayotda iste’mol qilish uchun «O‘ztrans» AJ va yoki uning gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy filiallari orqali sotiladigan suyultirilgan gazning ajratilgan hajmlar doirasida etkazib berilishi va taqsimlanishining tizimli nazoratini ta’minlashi belgilangan.