Surxondaryoda tashqi dunyodan uzilib qolgan 4 qishloq elektr energiyasi bilan ta’minlandi

O‘zbekistonning eng qadimiy hududlaridan biri bo‘lgan Sariosiyo tumanida tashqi dunyodan uzilib qolgan to‘rt qishloq prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan muqobil elektr energiya manbai bilan ta’minlandi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan GREEN ENERGY forumi doirasida «O‘zelektroapparat» AJ muqobil elektr energiya sektori rahbari Aleksandr Kovalyov ma’lum qildi.

Forumda Sariosiyoning Bag‘cha, Kundayjuvoz, Qo‘shrabot va Dargizaravan qishloqlari tiklanadigan energiya manbalari (TEM) bilan qay tarzda qamrab olingani haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi.

Videoda aytilishicha, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov O‘zbekiston Mudofaa vaziri Kabul Berdiyevga qishloqlarga maxsus texnikalarni yetkazib berish uchun harbiy vertolyot ajratish topshirig‘ini bergan.

«Bu yerda masala har bir uyda lampochka yonishida ham emas, inkor etmayman, yorug‘lik yetib borishi bu yaxshi, albatta, lekin mahalliy hokimiyat oldiga aholining tashqi dunyo bilan aloqasini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i qo‘yilgan edi. Chunki bu to‘rt qishloq eng chekka tog‘li hududda joylashgan, u yerlarga qishda yetib borishning aslo iloji yo‘q. Odamlar o‘zlari yashaydigan manzildan faqatgina bahorda tushadilar va kuzda yana qaytib ketadilar, qishda ularni ko‘rmaysiz. Ya’ni qishki mavsumda ularning tashqi dunyo bilan aloqalari uziladi», — hikoya qildi Kovalev.

«O‘zelektroapparat» vakilining so‘zlariga ko‘ra, shu sababli qishloqdagi har bir uyga kichik foto elektrostantsiyalar o‘rnatilgan.

Endilikda aholida telefonni zaryad qilish, radio tinglash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, maktablarda ham 600 Kvt quvvatga ega TEMlar o‘rnatilgan.

Qishloqlarda shuningdek, antennalar ham o‘rnatilgan — aholi televizor ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.

«Ochiq aytish kerak, qishloq aholisi bilan suhbatlashganimizda, mamlakatda ro‘y berayotgan yangiliklardan bexabar odamlar borligi ma’lum bo‘ldi. Ular o‘z doirasida, ajralib qolgan dunyosida yashar edilar. Yana bir narsa, bunday odamlar bilan, afsuski manipulyatsiya qilish oson. Muqobil energiya bilan ta’minlash o‘sha manzil aholisini noto‘g‘ri manipulyatsiya qilish imkonini yo‘qqa chiqaradi», — dedi Kovalev.

Latest from Blog