Surxondaryoda “Hizb ut-tahrir” a’zosi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: 3DNews

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida “Hizb ut-tahrir” a’zosi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2022-yil mart oyida huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan “Hizb ut-tahrir” diniy-ekstremistik tashkiloti tarafdori — 1981-yilda tug‘ilgan Alimov Botir Xurramovichning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Alimov Facebook va “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlarida “Oxirat hisobi” nomli profili orqali ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilib, virtual do‘stlariga “Hizb ut-tahrir”ning audio-videomateriallarini tarqatib kelgan.

Uning jinoiy harakatlari ayni paytda Polshada yashirinib kelayotgan, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqarilgan. Iyul oyida ish jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Iyun oyida Toshkent shahar IIBB axborot xizmati tarqatgan xabarda O‘zbekistonda 2022-yilda ISHID hamda “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotlari jangarilariga aloqador 4 ta yashirin guruh, yakka tartibda radikallashib, ekstremistik tashkilot va oqimlar g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan 10 ta virtual guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh a’zolari aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgani ma’lum qilingan edi.

Fikr bildirish

Latest from Blog