Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida 17 yoshli qiz va 20 yoshli yigit o‘zini “Termiz — Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan poyezd ostiga tashlagan. Har ikki yosh hodisa joyida halok bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea tungi soat 2:50 atrofida yuz bergan — poyezd hodisa joyiga yetib kelishiga 50 metr qolganida yigit ham, qiz ham relslar oralig‘iga o‘tirib olgan.
Har ikki yosh istiqomat qilgan Jarqo‘rg‘on tumani “Surxon” qishloq fuqarolar yig‘ini “Qumqishloq” mahallasi raisi Baxtiyor Norahmedovning so‘zlariga ko‘ra, yigit qizning uyiga bir necha bor sovchi yuborgan, biroq qiz hali voyaga yetmagani, maktab o‘quvchisi bo‘lgani uchun rad javob berilgan. Yigitning xonadoni esa azada bo‘lgan — uning onasi bir yilcha avval vafot etgan, boz ustiga hali akasi uylanmagan bo‘lgan.
“Ikkovining ham oilasi namunali, yomon oilalardan emas”, — deydi mahalla raisi.