Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Sina qishlog‘iga «turistik qishloq» maqomi berildi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Yangi turistik obyektning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Turizm qo‘mitasi vakillari, viloyat va tuman hokimliklari rahbariyati, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Mehmonlar turistik joylar, oilaviy mehmon uylari, baliqchilik ko‘li, «Qizqo‘rg‘on» arxeologik yodgorligi, «Xo‘jai Hisor» ziyoratgohi, shuningdek, tog‘ bag‘ridagi Sina, Uchor va Sunbula qishloqlaridagi milliy hunarmandchilik va mahalliy aholining turmushi bilan tanishishdi.
Tadbir davomida Sina qishlog‘ida milliy taomlar yarmarkasi tashkil etildi. Unda Termiz shahri va respublikaning turli hududlaridan o‘ziga xos an’anaviy taomlar tayyorlagan aholi ishtirok etdi.
Xorijiy va mahalliy turistlarga o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash sir-asrorlari bilan tanishtirildi. 20 dan ortiq turdagi non, patir va somsa namoyish etildi. Shuningdek, milliy o‘yinlar va sport musobaqalari ham o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, turistik qishloq hududida yo‘llar qurilib obodonlashtiriladi, elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi yaxshilanadi. Mobil aloqa sifati va internet tarmog‘ini yaxshilash uchun baza stansiyalari o‘rnatiladi, qishloq aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi va turistlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.